Toshkentda yana bir qancha bemor koronavirusdan sog‘aydi
Jamiyat
−
27 aprel 2020
8159Toshkent shahrining ikki shifoxonasida jami 16 nafar bemor koronavirus kasalligidan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 27 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Poytaxtdagi Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 14 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan esa 2 nafar bemor butkul sog‘ayib, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi“ deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘ayganlarning 7 nafari Toshkent shahridan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ulardan 9 nafari Turkiyadan Istanbul – Toshkent yo‘nalishida, 3 nafari Rossiyadan Moskva – Toshkent yo‘nalishida, 1 nafari esa Seul – Toshkent yo‘nalishida charter reyslar orqali kelishgan va karantinga olingan. Koronavirus aniqlangach, klinikaga yotqizilgan. Qolgan 1 nafari koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Bemorlardan 8 nafari erkak, 6 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 63 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 12 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 63 nafarga yetgan.
Shuningdek, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida sog‘ayib chiqqan 53 yoshli va 38 yoshli bemorlar Toshkent shahridan bo‘lib, koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 75 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 77 nafarga yetgan.
Ayni paytda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 826 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha koronavirus infeksiyasi yuqtirganlar 1887 nafarni tashkil qilmoqda. Bemorlarning bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi