O‘zbekistonda qariyb 250 ming kishi koronavirusga test topshirdi
Jamiyat
−
27 aprel 2020
7011O‘zbekistonda bugungacha qariyb 250 mingta koronavirusni aniqlovchi testlar olingan. Bu haqda AOKA huzuridagi shtabda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari Bahrom Almatov ishtirokida o‘tgan brifingda so‘z bordi.
Unda qayd etilishicha, respublikadagi mavjud virusologik laboratoriyalarda 25 aprel kuni 8,579 ta, shu vaqtgacha 242 536 ta test sinovlari o‘tkazilgan.
Bugungi kunda epidemik vaziyat noxush bo‘lgan hududlardan kelgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 81 079 nafar fuqarolar salomatligi ustidan tibbiy nazorat davom etmoqda.
Uy sharoitida 62,825 nafar, statsionar sharoitda esa 18,254 nafar fuqaro karantinga olingan.
Shu vaqtga qadar 207,336 nafar (uy sharoitida 174,441 nafar, statsionar sharoitida 32895 nafar) fuqarolar karantindan chiqarildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirganlar soni 1869 nafarga yetdi. Ulardan 789 nafari sog‘aydi, bemorlarning 8 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi