Toshkentda sovuq 50 yillik rekordni yangiladi

Bu qiziq

image

Bugungi kunda poytaxt Toshkentda davom etayotgan anomal sovuq so‘nggi 50 yil ichida yanvar oyida kuzatilgan eng past ko‘rsatkichni taqdim etdi. Ya’ni, bugun, 13 yanvar tongida -19,8° sovuq harorat qayd etildi.  Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, meteorologik kuzatuvlar tarixida O‘zbekistonda ko‘plab sovuq qishlar bo‘lgan. Jumladan, 1968-1969 yillar qishi eng sovuq kelgan. Ularda qish mavsumida respublikaning ko‘plab hududlarida minimal havo haroratining mutlaq rekordlari qayd etilgan. 

O‘zbekistonning shimoliy hududlarida meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng past havo haroratchlari 1972 va 1977 yillarda kuzatilgan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida ushbu yillarda havo harorati 33-36° va Ustyurt platosida 38-40° sovuq kuzatilgan. 

So‘nggi 50 yil ichida eng uzun va sovuq qish mavsumi 2007-2008 yillarda qayd etilgan bo‘lib, sovuq davr dekabr oxiridan fevral oyining o‘rtalariga qadar davom yetgan. Respublika hududi bo‘yicha harorat 17-22° sovuqgacha, ba’zi joylarda 24-26° sovuqgacha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va cho‘l hududlarida 30-33° sovuqgacha pasaygan. 

Toshkentda 2008 yil qishida havo harorati -17,4° sovuqgacha, 1974 yilning yanvar oyida -18,6° sovuqgacha pasaygan. 

Toshkent shahrida 1969 yil qishda termometr ustuni 23,1° sovuqgacha tushgan bo‘lsa, minimal havo haroratining mutlaq rekordi 1930 yil dekabr oyida 29,5° sovuqni tashkil etgan. 

Gidrometeorologiya xizmati markaziga ko‘ra, O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tekislik hududlarda barqaror qor qoplamining shakllanishiga imkon beradigan kuchli qor yog‘ishi kam uchraydi. Natijada iqlimning keskin o‘zgarishi (birdan sovib ketishi va uning ortidan isib ketishi) qor tushganda hosil bo‘ladigan qor qoplamining uzoq vaqt davomida yer yuzasidan turmasligi va bir necha kun ichida erib ketishiga olib keladi. 

Biroq, 1969, 1972, 1974, 1982, 1984, 2006 va 2008 yillarda qish faslining sovuq kelishi bilan birga qor yog‘ish davomiyligining ortishi kuzatilgan. Oqibatda ushbu yillarda tekislik hududlarda past haroratning uzoq muddat saqlanib qolishi qorning to‘liq erishiga imkon bermasdan qor qoplami to‘planishiga sabab bo‘lgan. Jumladan, respublikaning shimoliy (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati) va janubiy, janubiy-g‘arbiy (Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari) hududlarida qor qoplamining balandligi 15-25 smni, markaziy (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari) va sharqiy (Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari) hududlarda 30-65 smni tashkil etgan. 

Respublikaning tog‘li hududlarida qorning maksimal balandligi 140-180 smga yetgan. 

Toshkentda qor qoplamining maksimal balandligi 1969 yil kuzatilgan 54 sm, joriy yil yanvarda qor balandligi 26 smni tashkil etdi. 

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda davom etayotgan sovuq kunlar gidrometeorologik kuzatuvlar tarixidagi eng kuchlisi emas. Joriy yilning 12 yanvardan 13 yanvarga o‘tar kechasi kuzatilgan sovuq harorat O‘zbekistonga antitsiklon ta’sirida kirib kelgan sovuq havo oqimlarining eng yuqori nuqtasi edi. 

Antitsiklon markazi 13 yanvardan Qozog‘istonning janubiy viloyatlari orqali sharqqa tomon siljimoqda, biroq uning periferiyasi ta’sirida bo‘lgan O‘zbekiston hududida sovuqlar kuchsizlangan holda kelasi xaftaga qadar saqlanib qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

anomal sovuq bu qiziq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing