Mirziyoyev energetika tizimi anomal sovuqqa tayyor yoki yo‘qligi bilan tanishdi
Jamiyat
−
22 noyabr 2023
10464Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari bugun, 22 noyabr kuni “O‘zbekneftgaz” AJga borib, sovuq kunlarda energiya resurslariga bo‘lgan talabni kafolatli ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarning hisobotini eshitgan.
Shuningdek, Energetika vaziri ajratilgan mablag‘ evaziga joriy yilda qilingan ishlar va yaratilgan zaxira, kunlik iste’mol va uni ta’minlash mo‘ljallari to‘g‘risida Prezidentga axborot bergan.
Unga ko‘ra, energetika tizimi 1 dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi. Yaqin oylarda 1 ming 700 megavattli 8 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Sharg‘un konida 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarish boshlanadi.
Bundan tashqari, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qo‘yilgani qayd etilgan.
“Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trillion so‘m berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak bo‘lsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari mas’uliyatni to‘liq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli ta’minlashi zarur”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Prezident shuningdek, energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidlagan. Noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.
Tadbir yakunida “O‘ztrangaz”, “Hududgazta’minot”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlarining axboroti ham tinglangan.