Toshkentda sifatsiz tibbiyot buyumlarini 10 ming dollarga sotayotganlar ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida sifati kafolatlanmagan 3 turdagi 7 600 quti xirurgiya igna ipini 10 ming dollarga sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Uchtepa tumani bo‘limi va bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunga xilof ravishda tibbiy buyumlar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan D.I. va D.T. fuqaro U.Sh. ga xorijda ishlab chiqarilgan 3 turdagi 7 600 quti xirurgiya igna ipini 10 000 AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tadbir davomida ularning yonidan sotish uchun olib kelingan umumiy bahosi 214,5 mln so‘mlik 23 turdagi 13 621 dona sifati kafolatlanmagan tibbiyot buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida umumiy qiymati 15 mlrd so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdoga chiqarilishi oldi olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent tibbiyot buyumlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing