Toshkentda shaxsiy uyda osilgan Ukraina bayrog‘i uy egasining ruxsatisiz olib tashlandi

Jamiyat

doc_2023-05-25_19-41-08

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining balkoniga ilib qo‘yilgan Ukraina bayrog‘ini olib tashlash uchun maxsus texnika chaqirildi. Bu haqda BBC o‘zbek xizmati xabar berdi

Xonadon egasining so‘zlariga ko‘ra, voqea sodir bo‘lishidan uch soat avval unga tuman ichki ishlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. 

"Adashmasam, o‘zini jinoyat-qidiruv bo‘limidan Murod deb tanishtirdi. Shu uy menga tegishli ekani haqida so‘radi. Yana o‘zingiz yo rafiqangiz Ukraina fuqarosi emasmi, degan savol berdi. Men “yo‘q”, dedim. Keyin nega balkonimda Ukraina bayrog‘i turgani sababini surishtirdi. U o‘zimning, rafiqamning tug‘ilgan yiliga oid bir necha shaxsiy savollardan so‘ng bayroq olib tashlanishini ta’kidladi. Men hech bo‘lmasa, Telegram orqali nega bayroq olib tashlanishi haqida yozma izoh berishlarini so‘radim, asossiz olib tashlay olmasliklarini aytdim. Xodim kelsangiz tushuntiramiz, bizda olib tashlashga topshiriq bor, dedi", deya ma’lum qilgan xonadon sohibi Rajab Latipov. 

Kecha, 24 may kuni soat 18:00 lar atrofida uning xonadoniga, "Novomoskovskaya" turar joy majmuasiga maxsus kran chaqirilib, fuqaro kiyimidagi shaxslar egalari yo‘q bo‘lgan uydan bayroqni olib tashlagan. 

Balkondan bayroq olingan vaqtda uy egalari Turkiyada bo‘lgani, ular bayroq haqida ichki ishlarga kim va nima sababdan xabar berganini bilmasligi ta’kidlangan. 

"Ochig‘i, bayroqni aynan kim olib tashlaganini bilmayman. Bilganim – bu qo‘shnilar yuborgan xabar, suratlar, videolar. Ular militsiyaga bayroq o‘tgan yildan beri o‘sha joyda turgani, o‘zlari tomonidan biror qarshilik yoki savollar bo‘lmaganini aytishibdi", deydi 51 yoshli Latipov. 

Uy egasi o‘zining Ukrainaning Chernovsi shahrida tug‘ilgani, hozirda O‘zbekistonda yashab, ishlab kelayotganini aytgan. U faqat Ukrainada tug‘ilgani uchungina emas, Rossiyaning unga qarshi ochgan urushiga qat’iyan qarshi ekanini bildirish uchun ham bayroqni uyining balkonida saqlab kelganini qo‘shimcha qilgan. 

"Bayroqni Kiyevdagi do‘stlarim sovg‘a qilishgan. Ularga qo‘llovimni ko‘rsatish uchun ham bayroqni uyimda saqlaganman. Qayta-qayta takrorlashim lozim, bayroq shunchaki balkonda turgan edi, ko‘chaga chiqarib ilib qo‘yilmagandi. Pandemiya va urushga qadar Ukrainada ko‘p bo‘lganman. Ukrain tilini bilmasamda, odamlar bilan muloqotda biror muammoga uchramaganman. Rossiyada ham do‘stlarim ko‘p. Menda Rossiya fuqarolariga nisbatan hech qanday adovat, nafrat mavjud emas. Men faqat urush va u keltirayotgan kulfatdan nafratlanaman.

Mening pozitsiyam aniq – men urushga qarshiman va bu urushda Ukrainani qo‘llayman”, deydi u. 

Voqea yuzasidan batafsil ma’lumot olish uchun Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘langanimizda, u go‘yo bundan xabari yo‘qligini aytib, voqea qayerda va qanday bo‘lgani tafsilotlarini bizdan so‘radi. Shuningdek, holatni o‘rganib chiqishini ma’lum qilib, ungacha bayroq to‘g‘risidagi qonunni o‘rganib turishimizni “maslahat” berdi. 

O‘zbekiston hududida bu kabi bahsli vaziyatlar nafaqat xorijiy davlat ramzlari bilan, balki mamlakat bayrog‘i bilan ham kuzatilgan. Misol uchun, yaqinda Qashqadaryoda bayroqli bitiruv tasmasi osib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketgandi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama va tanqidlarga sabab bo‘lganidan keyin Bosh prokuratura bayonot berib, yigit bu uchun javobgarlikka tortilmasligini ma’lum qilgan. Shuningdek, uni hibsga olgan IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi ham o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Ukraina bayrog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing