Yelkasiga bayroq osgan yigit javobgarlikka tortilishi mumkin (video)

Jamiyat

image

Kecha, 5 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda yelkasiga bayroqli lenta taqib olgan yigitni IIB xodimlari olib ketayotgani aks etgan video tarqaldi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mazkur voqea Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida sodir bo‘lgan. Videoni esa qashqadaryolik bloger Odil Elmurod tasvirga olgan.

Videodan ko‘rinishicha, yigit o‘quv qurollari sotiladigan bozor rastasidan “Bitiruvchi” deb yozilgan bayroqli tasma sotib olgan va uni yelkasiga taqqan. Biroq bozor hududida xizmat faoliyatini olib borayotgan IIB xodimlari bu qonunga xilof ekanini aytgan va ular o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati mazkur voqea bo‘yicha QALAMPIR.UZ’ga ma’lumot berdi. 

“2023 yilning 5 mayida Qamashi tumanidagi “Chim” dehqon bozorida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘ini taqib yurgan fuqaro IIB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat ramzlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra bayroqni bunday olib yurish mumkin emasligi, uni yechib qo‘yib davlat ramzlariga hurmatsizlik qilmaslik tushuntirilganida fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatgan”, deyiladi IIB izohida.

Natijada belgilangan tartibda Qamashi tumanida yashovchi fuqaro R.I. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan. 

“Holat yuzasidan fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga ko‘ra hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy to‘xtamga kelish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan”, deya qo‘shimcha qilinadi ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq QALAMPIR.UZ O‘zbekiston qonunchiligida “vatanparvarlik uchun”, ya’ni uy-ro‘zg‘or buyumlari va boshqa turdagi tovarlarda davlat gerbi va bayrog‘i tasvirlaridan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga nisbatan hurmatsizlik hisoblanishi va buning uchun jarima borligi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shohjahon Majitov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing