Toshkentda “parkovka” uchun haq to‘lamaganlar jarimaga tortilishi mumkin

Jamiyat

image

Endi Toshkent shahrida pullik “parkovka” uchun haq to‘lamaganlar jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqdagi qonun loyihasini poytaxt hokimligi jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.  

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni yangi 128-11-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, pullik to‘xtab turish joyidan foydalanganlik uchun belgilangan muddatda haq to‘lamaslik yoki to‘lashdan bo‘yin tovlash bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) ikki baravari (1 sentyabrgacha 824 ming so‘m, undan keyin 880 ming so‘m) miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, ushbu qoida qonunga muvofiq “parkovka”lardan bepul yoki imtiyozli foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Loyihada, shuningdek, to‘lov amalga oshirilmaganlik fakti avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya vositalari yordamida olingan materiallar, shuningdek, axborot tizimlari ma’lumotlari bilan tasdiqlanishi mumkinligi nazarda tutilgan. Bundan tashqari, bunday ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish tartibini belgilash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir qator moddalariga o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu qoida faqat davlat hokimiyati organlari tasarrufidagi ko‘chalarda tashkil etilgan yo‘l bo‘yidagi pullik parkovkalarga nisbatan amal qiladi. Shlagbaumli xususiy pullik parkovkalarga bu qoida daxl qilmaydi, chunki u yerdan to‘lovni amalga oshirmasdan turib chiqib ketish imkonsiz.

Qonun loyihasi muhokamasi joriy yil 28 iyulga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida noto‘g‘ri “parkovka” qilganlarga nisbatan choralar keskinlashtirilib, endi to‘xtash taqiqlangan joylarda qoldirilgan avtomobillar evakuvator yordamida jarima maydonlariga olib ketilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing