Toshkentda noto‘g‘ri “parkovka” uchun choralar keskinlashdi

Jamiyat

image

Toshkentda noto‘g‘ri “parkovka” qilganlarga nisbatan choralar keskinlashtirilib, to‘xtash taqiqlangan joylarda qoldirilgan avtomobillar evakuvator yordamida jarima maydonlariga olib ketiladi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, shaharning turli hududlarida avtomobillar ko‘pincha piyodalar yo‘laklarida, piyodalar o‘tish joylari yaqinida, jamoat transporti bekatlarida, yashil hududlarda, shuningdek, to‘xtash yoki to‘xtab turish taqiqlangan joylarda qoldirilmoqda. YHTEMga ko‘ra, bunday holatlar aholining kundalik qulayligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ular piyodalarning erkin harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi, keksa yoshdagi fuqarolar, bolalar aravachasidagi ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar uchun noqulaylik tug‘diradi, shuningdek, jamoat transporti hamda maxsus texnikalar harakatini qiyinlashtiradi.

Shu munosabat bilan Toshkentda avtotransport vositalarining to‘xtashi va to‘xtab turishi qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish tizimli amaliyotga aylantirilmoqda. Qayd etilishicha, qoidabuzarlik bilan qoldirilgan transport vositalari belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, ixtisoslashtirilgan jarima maydonchalariga joylashtiriladi.

YHTEMning ma’lum qilishicha, maqsad jazolash emas, balki tartib-intizomni ta’minlashdan iborat.

“Bu boradagi ishlar davom ettiriladi va yanada kuchaytiriladi. Ushbu choralarning maqsadi – jarima qo‘llashning o‘zi emas, balki barcha shahar aholisi va harakat ishtirokchilari uchun tartib, xavfsizlik hamda normal sharoitlarni ta’minlashdir”, deyiladi Markaz axborotida.

YHTEM haydovchilarni to‘xtash va to‘xtab turish joyini tanlashda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilishi kerakligini bildirgan. Xususan, avtomobillarni piyodalar yo‘laklarida, bekatlarda, piyodalar o‘tish joylari yaqinida, yashil hududlarda hamda odamlar, jamoat transporti yoki maxsus texnikalar harakatiga xalaqit beradigan yoxud xavfsizlikka tahdid tug‘diradigan boshqa joylarda qoldirishdan qaytargan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing