Toshkentda noqonuniy saqlanayotgan 1,1 mlrd so‘mlik spirtli ichimlik aniqlandi
Jamiyat
−
11:31
1705Toshkent shahrida yaroqlilik muddati o‘tgan va maxsus suyuqlik yordamida o‘zgartirilib, sotuvga chiqarish uchun tayyorlab qo‘yilgan katta miqdordagi ichimlik mahsulotlarining muomalaga kirishining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida spirtli va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 2 ta xususiy korxonaning Yashnobod tumanida joylashgan omborida katta qismining yaroqlilik muddati o‘tgan, umumiy qiymati 429 mln 629 ming so‘mlik 79 172 dona salqin ichimliklar hamda 134 mln 845 ming so‘mlik 3 374 dona spirtli ichimliklar saqlanayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, omborda kirim hujjatlariga ega bo‘lmagan, qiymati 1 mlrd 187 mln so‘mlik mahalliy va xorijdan keltirilgan 25 746 dona turli xil spirtli ichimliklar mavjudligi ham aniqlangan.
Tekshiruv davomida salqin ichimliklarning asosiy qismining yaroqlilik muddati maxsus suyuqlik yordamida o‘zgartirilib, sotuvga chiqarish uchun tayyorlab qo‘yilganligi ma’lum bo‘lgan.
O‘z navbatida, yaroqlilik muddati o‘tgan va kirim hujjatlariga ega bo‘lmagan ichimliklar sifatini tekshirish yuzasidan ekspertiza tayinlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida 2,2 mlrd so‘mlik yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalarini muomalaga kiritilishining oldi olingandi.
LiveBarchasi