Toshkentda noqonuniy qurol saqlaganlar qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
24 yanvar 3815 2 daqiqa
Toshkentda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy qurol va o‘q-dorilarni saqlagan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida M. ismli shaxsning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u hech qanday ruxsat hujjatlarisiz ov qurolini saqlab kelayotgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 248-moddasi (o‘qotar qurolning, o‘q-, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Uchtepa tumanida S. ismli fuqaro tomonidan amakisining uyini ta’mirlash jarayonida pol ostidan jami 100 dona o‘q-dori topilgan. Fuqaro ushbu o‘q-dorilar marhum amakisiga tegishli ekanini bildirib, ularni ixtiyoriy ravishda ichki ishlar organlariga topshirgan. Mazkur ashyoviy dalillar Ekspert-kriminalistika markaziga yuborilgan.
Shuningdek, Sergeli tumanida joylashgan klublardan birida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida R. ismli shaxs gaz pistoleti, gaz ballonlari, pnevmatik qurol va katta miqdordagi o‘q-dorilarni ikki ming AQSH dollari evaziga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Bundan tashqari, ruxsatnomalarsiz saqlanayotgan 11 dona gazli pistolet va 6 dona uzun stvolli pnevmatik qurollar ham aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 22 dona o‘q-dorini 1300 dollarga sotishga uringan 24 yoshli shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Aliqulov Javohir
Live
Barchasi