Toshkentda narkolaboratoriya tashkil etgan profilaktika inspektori ushlandi (video)
3-sahifa
−
14 Oktabr 2025 7775 2 daqiqa
Toshkentda profilaktika inspektori xizmat xonadonida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahrida tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Xususan, oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektorining xizmat xonadoni ko‘zdan kechirilgan.
Natijada inspektor ushbu xonadonda narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlanib, o‘rami bilan jami 10 kg 500 gr “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari hamda giyohvand moddalarni tayyorlashda foydalaniladigan 588 gr suyuqlik, asbob-uskunalar, elektron tarozi borligi ma’lum bo‘lgan va ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, profilaktika inspektorning Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi doimiy yashash xonadoni tekshirilganida yerga ko‘mib, yashirib qo‘yilgan taxminiy og‘irligi 430 gr bo‘lgan “Alfa-PVP” narkotik moddasi borligi aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, ichki ishlar xodimi Telegram messenjeri orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi profil egasi topshirig‘i asosida narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kelingan moddalarni qabul qilib olib, yashirin laboratoriya sharoitida giyohvand moddani tayyorlab, tarqatish bilan shug‘ullangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 246-moddasi (Kontrabanda) 2-qismi hamda 25 (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Angren shahar Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa narkotik moddalarni “zakladka” tarzida tarqatib, sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan Angren shahrida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining 2001 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigidan 971 gr “Katinon” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.

Muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan mazkur 25 yoshli shaxs qabul qilib olgan ajal og‘usini kelgusida kichik bo‘laklarga taqsimlagan holda sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ta’kidlash lozimki, qonunchilikka muvofiq har ikki holat bo‘yicha ham gumondorlarga nisbatan 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda “Deadpool” nomli yirik narkodo‘kon a’zolari ushlangandi.
Live
Barchasi