Toshkentda mototsiklda “hunar ko‘rsatgan” qiz jazolandi (video)
3-sahifa
−
14:25 6156 2 daqiqa
Toshkent shahrida mototsiklning orqa balonini tutatgan qizga chora ko‘rildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan haydovchi Toshkent shahar yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi binosiga chaqirtirilib, tegishli choralar ko‘rilgan va mototsikl vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
“Mototsiklning orqa balonini tutatib, “burnout” qilganim uchun menga tegishli choralar ko‘rildi. Holat bo‘yicha shahar GAI qidiruv bo‘limidan chaqirtirishdi. Protokol tuzishdi. Mototsiklimni hozir shtrafnoyga qo‘yishyapti. Menga tegishli choralar qo‘llanildi. Men unaqa qilish mumkin emasligini bilmagan edim. Bu narsa boshqa qaytarilmaydi. Haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilishgacha ham borishi mumkin bo‘lgan narsaligini tushundim. Meni ogohlantirishdi. Bu narsa boshqa qaytarilmaydi. Boshqa haydovchilarga ham unaqa holatni takrorlamasliklarini maslahat berib qolaman”, deydi qiz.
Ma’lum bo‘lishicha, qizga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-10-moddasi (yo‘l bezoriligi) 1-qismi bilan jarima qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, ushbu modda yo‘l bezoriligi, ya’ni transport vositalari haydovchilarining boshqa transport vositalarining harakatiga qasddan to‘sqinlik qilishi, harakatlanish burchagini va (yoki) tezligini saqlagan holda transport vositasini sababsiz sirpantirishi (drift), o‘z yo‘nalishida harakatlanish bo‘lagini sababsiz keskin ravishda uch va undan ortiq marta uzluksiz o‘zgartirishi (bundan maxsus ajratilgan joylarda sodir etish mustasno) yoki yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishiga tahdid soluvchi yoxud transport vositasida yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga nisbatan hurmatsizlikda ifodalangan boshqa xatti-harakatlarni namoyishkorona sodir etishni nazarda tutadi. Ushbu harakatlar transport vositalarini boshqarish huquqidan bir yildan ikki yilgacha muddatga mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 17 yoshli yigit ijaraga olingan Monza rusumli avtomobilda qaltis harakatlar amalga oshirgandi. Mazkur holat yuzasidan YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, haydovchi aniqlangan. Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-10-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Live
Barchasi