Toshkentda mashinalarni g‘ayrioddiy usulda o‘g‘irlab kelgan jinoiy guruh qo‘lga tushdi
3-sahifa
−
03 aprel 2023
15622Toshkent shahri Chilonzor tumanida mashinalarni maxsus pult yordamida ochib, ularning ichidagi pullar va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlab kelgan guruh ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, jinoiy guruh a’zolari maxsus pultni Qozog‘istondan 2000 AQSH dollariga sotib olgan. Joriy yilning 9 mart kuni soat taxminan 19:50 larda Chilonzor tumanidagi masjid oldida qoldirilgan Lacetti rusumli avtomashinadan 307,5 million so‘m miqdordagi pullarni o‘g‘irlab ketgan. Jinoyatchilar mashina eshiklarini mazkur pult yordamida ochib, buyumlarni o‘g‘irlab, uni yana pult bilan qulflab qoldirib ketgan.
Surishtiruvlar davomida bu guruh tomonidan Toshkentda yana boshqa avtomobillardan ham pul va qimmatbaho buyumlar o‘g‘irlangani aniqlangan. Ulardan 214 mln 100 ming so‘m miqdoridagi pullar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Jinoiy guruh a’zolari uch kishidan tashkil topgan. Ular avval ham Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan sudlanib, qamalib chiqqan. Gumonlanuvchilardan biri esa xavfli retsidivist deb topilgan.
Holat yuzasidan jinoyatchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ularga nisbatan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.