Toshkentda kuniga 2 tonna non chiqindiga tashlanayotgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
23 aprel 2022
7889O‘zbekistonda esa har yili 3 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari chiqindiga aylanmoqda. Birgina Toshkent shahrida har kuni 2 tonnaga, yiliga 730 tonnaga yaqin non mahsuloti chiqindiga tashlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligini kamaytirish va kam ta’minlangan aholini bepul iste’mol mahsulotlari bilan ta’minlash” mavzusida davrada aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, butun dunyoda, xususan, O‘zbekistonda ham oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligi ortib bormoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilgan jami oziq-ovqat mahsulotlarining 1,64 milliard tonnasi (jami oziq-ovqat mahsulotlarining 31 foizi) chiqindiga aylangan. Ahamiyatlisi, yo‘qotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining faqatgina 25 foizi butun dunyodagi ochlik muammosini to‘liq hal qilishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligiga xayriya qilingan mahsulotlar uchun soliq yukining yuqoriligi, fudshering platformalarining mavjud emasligi, oziq-ovqat banklari faoliyatining yo‘lga qo‘yilmaganligi kabi muammolar sabab bo‘lmoqda.
Tadbirda oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligini kamaytirish borasida Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Yaponiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarda qo‘llanilayotgan choralar, xususan, xayriya faoliyati uchun soliq imtiyozlarini joriy etish, fudshering platformalari va oziq-ovqat banklari faoliyatini rivojlantirish, yaroqlilik muddatini belgilash tizimini takomillashtirish kabilarni O‘zbekistonda ham joriy etish masalasi muhokama qilingan, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari bu borada o‘z fikrlarini bildirgan.
Tadbirda oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligining oldini olish tizimini strategik takomillashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalangan holda aholini bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishga kelishib olingan.
LiveBarchasi