Dunyoda oziq-ovqat narxi pasaydi, ammo o‘tgan yilgidan yuqoriligicha qolmoqda

Bu qiziq

image

Jahon bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari narxini aks ettiruvchi bazaviy ko‘rsatkich 2026 yilning iyun oyida biroz pasaydi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan e’lon qilingan hisobotda keltirilgan.

Qayd etilishicha, jahon bozorida aylanadigan oziq-ovqat mahsulotlari savatining xalqaro narxlaridagi oylik o‘zgarishlarni kuzatib boruvchi FAO oziq-ovqat narxlari indeksi 2026 yilning iyun oyida o‘rtacha 130,3 punktni tashkil etgan. Bu may oyidagi darajadan 0,3 foizga past, ammo bir yil oldingiga nisbatan 2,2 foizga yuqori.

Don mahsulotlari narxlari indeksi makkajo‘xori va bug‘doyning xalqaro narxlari pasaygani hisobiga may oyiga nisbatan 3,5 foizga kamaygan. Biroq shunga qaramay, u o‘tgan yilning mos davridagi darajadan 2,7 foizga yuqori bo‘lib qolgan. Qora dengiz mintaqasida hosilni yig‘ib-terib olish ishlarning tez sur’atlarda borayotgani va taklifning yuqori istiqbollari Avstraliya hamda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi hosil kutishlari bo‘yicha xavotirlardan ustun kelgan va natijada jahonda bug‘doy kotirovkalari 4,4 foizga pasaygan.

Makkajo‘xorining jahondagi narxi 6,2 foizga tushib ketgan, bu Janubiy Amerikaning eksport qiluvchi mamlakatlarida mo‘l-ko‘l taklif istiqbolini va etanolga bo‘lgan talabning susayganini aks ettiradi. Bundan farqli o‘laroq, iyun oyida guruch narxining jamlanma indeksi 3,2 foizga o‘sgan. Bunga Osiyoda “Indika” navli guruchga bo‘lgan talabning kuchaygani, shuningdek, ob-havo sharoiti bo‘yicha xavotirlar hamda ishlab chiqarish, transport va marketing xarajatlarining ortgani sabab bo‘lib, xushbo‘y bo‘lmagan guruch navlari kotirovkasini qo‘llab-quvvatlagan.

O‘simlik yog‘i narxlari indeksi may oyiga nisbatan 3,8 foizga oshgan. Bioyonilg‘idan foydalanish bo‘yicha qat’iy talablar bilan qo‘llab-quvvatlangan palma va raps yog‘lari kotirovkalarining o‘sishi hamda kungaboqar yog‘i narxining umumiy barqarorligi soya yog‘i narxining pasayishini ortig‘i bilan qoplagan.

Go‘sht narxi indeksi 0,5 foizga o‘sib, yangi rekord darajaga yetgan. Parranda go‘shtining xalqaro narxi oshgan, bu qisman avvalroq yuzaga kelgan ortiqcha taklifga javoban ishlab chiqarish hajmi muvofiqlashtirilgandan keyin ichki taklifning vaqtinchalik qisqargani bilan bog‘liq. Shu bilan bir vaqtda, cho‘chqa va mol go‘shti narxlari pasaygan.

Sut mahsulotlari narxi indeksi o‘tgan oyga nisbatan 1,5 foizga kamaygan. Bu yog‘sizlantirilgan quruq sut, yog‘li quruq sut va sariyog‘ narxlarining pasayganini, shuningdek, pishloqning xalqaro narxi ketma-ket o‘n birinchi oy ham pasayganini aks ettiradi.

Shakar narxi indeksi Braziliyada etanolning ichki narxi pasaygani hamda Braziliya realining qadrsizlangani ta’sirida may oyiga nisbatan 5,7 foizga kamaygan. El-Nino hodisasining Hindiston va Tailandda shakar ishlab chiqarishga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan salbiy ta’siri bo‘yicha davom etayotgan xavotirlar shakarning xalqaro narxi umumiy pasayishini cheklab turgan.

FAO, shuningdek, 2026 yil uchun donli ekinlar hosili bo‘yicha yangilangan prognozlarini e’lon qildi. Prognozlarga ko‘ra, hosil tarixdagi ikkinchi eng yirik ko‘rsatkich bo‘ladi, garchi u o‘tgan yilgi rekord darajadan 1,9 foizga past bo‘lsa ham.

Dunyoda don mahsulotlari ishlab chiqarishning umumiy hajmi hozirda 2,98 milliard tonna deb baholanmoqda. Dag‘al don mahsulotlarini ishlab chiqarish prognozi o‘tgan yilgi darajaga yaqin, bunga Argentina, Braziliya, Xitoy (materik qismi) va Zambiyaning so‘nggi rasmiy baholashlari yordam bermoqda, ular hosil avval taxmin qilinganidan yuqori bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Jahonda bug‘doy ishlab chiqarish 4,3 foizga kamayib, 806,5 million tonnani tashkil etishi kutilmoqda, chunki Avstraliyadan olingan so‘nggi rasmiy ma’lumotlar El-Nino hodisasi tufayli hosildorlik so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

Endilikda guruch ishlab chiqarish hajmi 2025/2026 yilgi rekord darajaga nisbatan 1,8 foizga kamayishi kutilmoqda.

FAO bug‘doydan foydalanishning kamayishi kutilayotgani sababli, 2026/2027 yillarda don mahsulotlaridan jahonda foydalanish prognozini 2,96 milliard tonnagacha pasaytirgan. FAO’ning 2026/2027 yillardagi jahon don savdosi bo‘yicha prognozi deyarli o‘zgarishsiz qolgan va 507,6 million tonnani tashkil etmoqda.

Hisobotda, shuningdek, Hormuz bo‘g‘ozidagi inqirozning qishloq xo‘jaligi bozorlariga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’siri ham muhokama qilingan. Qayd etilishicha, nizolar va ob-havo noqulayliklari sababli 41 ta davlat oziq-ovqat ta’minotini ta’minlash uchun tashqi yordamga muhtoj.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing