Kiyev qish uchun oziq-ovqat va suv g‘amlashni boshladi
Olam
−
10:11 828 2 daqiqa
Kiyevda qishda elektr energiyasi uzoq vaqtga o‘chib qolishi va boshqa favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida oziq-ovqat hamda ichimlik suvi zaxiralarini shakllantirilmoqda. Bu haqda “RBK-Ukraina“ Kiyev shahar davlat ma’muriyatiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu zaxiralar yordamida 25 ming kishiga issiq ovqat tarqatish imkoniyati yaratiladi. Shahar hokimligi oziq-ovqat mahsulotlarini birinchi navbatda kam ta’minlangan fuqarolarga berilishini bildirgan. Tayyorlanayotgan zaxiralar elektr ta’minotida uzoq muddatli uzilishlar yuz berganda “Bardoshlilik punktlari”da, favqulodda vaziyatlardan jabrlangan aholiga yordam ko‘rsatishda hamda avariya-qutqaruv ishlariga jalb etilgan xodimlarni ta’minlashda ishlatiladi.
Shu bilan birga, Kiyev rasmiylari qo‘shimcha ravishda yana 20 mingta oziq-ovqat to‘plamini xarid qilishni rejalashtirmoqda.
Bundan bir necha kun avval Kiyev ma’muriyati qish mavsumida aholining eng zaif qatlamlari uchun vaqtinchalik joylashtirish punktlari tayyorlanganini ham ma’lum qilgan. Ularga qishki joylashtirish bo‘yicha 1 300 dan ortiq yolg‘iz keksalar, nogiron farzandlari bor qariyb 400 ta oila va 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxsdan ariza kelib tushgan.
Kiyev shahar davlat ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Oleg Kuyavskiyning aytishicha, yordam birinchi navbatda kam ta’minlangan kiyevliklar va og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yetkaziladi.
Ukraina energetika vaziri Denis Shmigal avgust oyida Rossiya harbiylari kelayotgan qishda nafaqat energetika tizimlariga, balki suv ta’minoti tizimlariga ham zarba berishi mumkinligini aytgan.
“Avvalgi qishda ular elektr tarmoqlari va isitish tizimlariga zarba bergan, biroq elektr o‘chgan paytda gaz va suv bo‘lsa, yashab qolish mumkin edi. Suv va kanalizatsiyasiz 3 kundan ortiq chidash nihoyatda qiyin”, degan Shmigal.
Shu bilan birga, Ukraina Prezidenti huzuridagi mudofaa texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha maslahatchi Sergey Beskrestnov qishda mamlakatda oziq-ovqat yoki yonilg‘i ommaviy tanqisligi kutilmayotganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy xavf energetika ob’ektlariga berilishi mumkin bo‘lgan zarbalar bilan bog‘liq.
U aholini generator va pauerbanklarni narxlar oshishidan oldin xarid qilishga chaqirgan.
Ayni paytda Ukrainada qand lavlagi ekilgan maydonlar mamlakat mustaqillikka erishganidan beri eng past ko‘rsatkichga tushgan. Joriy yilda ushbu ekin 162 ming gektar maydonga ekilgan. Bunga urush emas, jahon bozorida shakarning arzonlashgani sabab bo‘lgan. Shu bois yaqin marketing yilida shakar tanqisligi kutilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urush qishda ham davom etishi mumkinligini aytgan edi.
Live
Barchasi