Britaniyaliklardan uch kunlik suv va oziq-ovqat zaxirasini g‘amlash so‘raldi
Olam
−
21:07 663 2 daqiqa
Buyuk Britaniya hukumati fuqarolarni uch kunlik suv va oziq-ovqat zaxirasini g‘amlashga chaqirdi. Bu haqda hukumatining rasmiy saytida bayonot e’lon qilindi.
Bugun, 23 oktyabr kuni e’lon qilingan yangilangan tavsiyalarga muvofiq, mamlakatdagi xonadonlarga kundalik xizmatlar ko‘rsatishdagi vaqtinchalik uzilishlarga tayyor bo‘lish uchun bir nechta oddiy qadamlarni tashlash tavsiya etiladi.
“Ushbu tavsiyalar butun Buyuk Britaniya bo‘ylab xonadonlarga ba’zan elektr va suv ta’minoti, telefon aloqasi hamda internetga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan noqulay ob-havo kabi hodisalarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishga yordam berish uchun mo‘ljallangan “Be Ready” (“Tayyor bo‘l”) uch yillik kampaniyasining birinchi bosqichidir”, deyiladi bayonotda.
Hukumatning bildirishicha, kampaniya odamlar oldindan qilishlari mumkin bo‘lgan oddiy narsalarga, shu jumladan uyda tez buzilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari va idishlardagi suvning kichik zaxirasini saqlashga qaratilgan.
“Qishki bo‘ronlar va shu yozdagi o‘rmon yong‘inlari noqulay ob-havo hodisalari kundalik hayotimizni qanday izdan chiqarishi va telefon aloqasidan tortib suv ta’minoti va internetgacha – biz bog‘liq bo‘lgan xizmatlar faoliyatiga ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatdi”, deya bayonot berdi Britaniya hukumati.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya hukumati ko‘p yillardan beri birinchi marta yirik qurolli nizo uchun mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasini yangilagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi