Qurbon hayitida narxlarni oshirmaslik bo‘yicha ogohlantirish berildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Qurbon hayiti bayrami arafasida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash choralari kuchaytirilmoqda. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qo‘mita respublika hududlaridagi yirik savdo tarmoqlari hamda savdo majmualarini narxlarni asossiz oshirmaslik va bozorda barqarorlikni ta’minlashga chaqirgan.

Ma’lum qilinishicha, bayram oldidan talab ortishi mumkin bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha savdo tarmoqlariga bir qator tavsiyalar berilgan. Xususan, chakana narxlar o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar, jumladan logistika va boshqa xarajatlar oshishi haqida qo‘mitani tezkor ravishda xabardor qilish so‘ralgan.

Shuningdek, yetkazib beruvchilarni asossiz narx oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirish tavsiya etilgan.

Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlashga qaratilgan choralarni amalga oshirayotganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, 27 may kuni Toshkentdagi 119 ta masjidda hayit namozlari ado etilishi kutilayotgani haqida xabar berilgandi. Shu bilan birga, hayit namozlarini yuqori saviyada va tartibli tashkil etish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda fuqarolar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 26 may soat 24:00 dan 27 may soat 08:00 ga qadar Toshkent shahrining qator ko‘chalarida avtomobillar harakati vaqtincha cheklanadi.


Maqola muallifi

Teglar

narx hayit oziq-ovqat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing