Toshkentda klinika xodimi bemorga shilqimlik qildi

3-sahifa

image

Toshkentning Bektemir tumanida joylashgan xususiy klinika menejeri bemorga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026 yil 10 iyun kuni klinika binosida sodir bo‘lgan. Menejer bemorga nisbatan uning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi mazmundagi gaplarni aytgan, shuningdek, qo‘llariga tegib, silagan va ko‘krak qismiga tirsagi bilan tegib, jinsiy shilqimlik qilgan.

Jabrlanuvchining suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, klinika xodimi liftda va xonalarni ko‘rsatish jarayonida unga nojo‘ya gaplar aytgan. Ayolning ta’kidlashicha, u bilan bo‘lgan keyingi telefon suhbatlarini audioyozuvga olgan va ushbu materiallarni sudga taqdim etgan.

Sud qarorida qayd etilishicha, uning aybi jabrlanuvchi va boshqa shaxslarning tushuntirish xatlari, audioyozuvlar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar bilan to‘liq tasdiqlangan.

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi klinika ish yurituvchisini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41¹-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan.

Sud unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi. Bundan tashqari, undan ma’muriy qamoqda saqlash bilan bog‘liq xarajatlar ham undirilishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston temir yo‘llari chiptachisi yo‘lovchi ayolga shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamalgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing