Sirdaryoda savdogar ayolga tegajog‘lik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi
Olam
−
12:16 724 2 daqiqa
Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yo‘l bo‘yida savdo qilayotgan ayolga shahvoniy shilqimlik qilgan erkakka nisbatan sud qarori chiqarildi. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Ish hujjatlariga ko‘ra, hodisa M39 avtomobil yo‘li bo‘yida sodir bo‘lgan. Mast holatda bo‘lgan erkak sotuvchi ayolning oldiga borib, unga pul evaziga jinsiy aloqa qilishni taklif etgan va shahvoniy shilqimlik qilgan.
Ayol ushbu holatdan norozi bo‘lib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Holat IIB xodimlari tomonidan o‘rganilib, erkakka nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan va ish sudga yuborilgan.
Sud majlisida erkak o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U qilmishini mast holatda sodir etganini aytib, yengillik berishni so‘ragan. Jabrlanuvchi esa unga nisbatan qonun doirasida qat’iy chora ko‘rilishini talab qilgan.
“Qattiq chora ko‘ring. Bunaqalar kelib, shu narsani qilaveradimi? O‘g‘illarim bundan katta yoshda… Eng asosiysi, masala kattalashib ketmasin deb, o‘zim hal qildim va organ xodimlariga topshirdim”, deydi jabrlanuvchi ayol sudda.
Sud aniqlangan holatlar va jabrlanuvchining talablarini inobatga olib, erkakka Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi bilan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.
Shuningdek, jabrlanuvchi ayolga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.
Eslatib utamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida texnikum masteri 16 yashar qizga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani haqida xabar berilgan edi.
Marjona Mamaniyozova
Live
Barchasi