Toshkentda Qatarning O‘zbekistondagi elchixonasi ochildi
Jamiyat
−
08 may 2023
4294Kecha, 7 may kuni Qatarning Toshkentdagi elchixonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qatar Davlati Tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad Al-Murayxiy bilan uchrashgan. O‘zbekiston va Qatar Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar chog‘ida siyosat va diplomatiya, savdo-iqtisodiy, transport, energetika, fan va madaniyat sohalarida hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilingan. Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy siyosat masalalari, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.
Shu kuni ikki davlat hukumatlari, diplomatik korpus va jamoatchilik vakillari ishtirokida Qatarning Toshkentdagi elchixonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan.
Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov so‘zga chiqib, O‘zbekiston tomoni Qatarni arab dunyosidagi muhim, ishonchli va istiqbolli hamkor deb bilishini ta’kidlagan. Qatar diplomatik missiyasining ochilishi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishi, ularning amaliy mazmun bilan boyishiga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilning oxirida Qatarning Toshkentda elchixonasi ochilishi haqida ma’lum qilingandi. O‘shanda O‘zbekistonga Qatarning yangi elchisi Hasan Hamza Hoshim kelgan edi.
LiveBarchasi