Toshkentda qariyb 3 mlrd so‘mlik narkotik moddalar noqonuniy muomaladan olindi (video)
3-sahifa
−
19 dekabr
2137Toshkent viloyati Parkent tumanida 2 milliard 800 million so‘mlik sintetik giyohvandlik moddalari tarqalishining oldi olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holat yuzasidan IIV Tezkor-qidiruv departamenti va DXX tomonidan Toshkent shahrida o‘zini shubhali tutgan haydovchi kuzatuvga olingan. Uning boshqaruvidagi Damas avtomashinasi Toshkent viloyatining Parkent tumanida to‘xtatib tekshirilganda, “duxovka” ichidan taxminiy narxi 2 milliard 800 million so‘mga teng bo‘lgan 2 kg 160 gr sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan. O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida noqonuniy muomaladan 10 ming 800 martalik sintetik giyohvandlik moddalari tarqalishining oldi olingan.
IIV Tezkor qidiruv departamenti, DXX va Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari tomonidan Chilonzor tumanida navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda uch nafar shaxs Lacetti avtomashinasida kelib, “maxsus xaridor”larga 3 kg gashish giyohvandlik vositasini “zakladka” usulida yashirilgan joydan olib bergan vaqtida ushlangan. O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida ushlangan 7 nafar shaxsdan 3 kg gashish giyohvandlik vositasi olingan.
Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida esa 59 yoshli shaxs “maxsus xaridor”ga 5 ming AQSH dollariga 1 kg gashish giyohvandlik vositasini sotayotgan vaqtida ushlangan bo‘lsa, 24 yoshli shaxs Chilonzor tumanida maxsus xaridorga 200 gr “gashish” giyohvandlik vositasini 3000 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Aniqlangan holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanida ilgari giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullangani uchun qamalib chiqqan 68 yoshli fuqaro yana shu ishni qilayotgan vaqtida qo‘lga tushgan edi.
LiveBarchasi