Toshkentda narkotik moddalarni Telegram orqali sotgan jinoiy to‘da ushlandi (video)
3-sahifa
−
13:16 1355 2 daqiqa
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida Ichki ishlar vazirligi tezkor-qidiruv departamenti va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida internet narkodo‘konning sakkiz nafar yirik a’zolari ushlanib, ularning 219 kilogramm miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarini saqlab kelgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida 2023 yildan buyon giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib kelgan Muriddinov Jaloliddin qo‘lga olingan. U oilasi bilan yashayotgan ijaradagi xonadonini narkoomborga aylantirib, 200 kg dan ortiq pregabalin va 10 kg dan ortiq tropikamid kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish maqsadida saqlab kelgan. Aniqlanishicha, Jaloliddin Telegram narkodo‘konida yiliga 800 kilogrammgacha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini aholi orasida tarqatib kelgan hamda yashirin narkolaboratoriyalarni prekursorlar bilan ta’minlab turgan.
Bundan tashqari, u bir guruh shaxslardan iborat jinoiy to‘daga boshchilik qilib, narkojinoiy guruh tuzishga muvaffaq bo‘lgan. Jinoiy harakatlarda omborchi sifatida ishlagan 1996 yilda tug‘ilgan Islomov Shahzod Shavkat o‘g‘lining yashash xonadoni va avtomashinasi tekshirib ko‘rilganda, xonadonda narkolaboratoriya jihozlari hamda mashina yukxonasida 6 kilogramm pregabalin va 100 gramm tropikamid kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Bu hali hammasi emas. Jinoiy to‘daning yana bir a’zosi – 1994 yilda tug‘ilgan Qurbonov Asror Osim o‘g‘li ham katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlab kelgan. Shuningdek, jinoiy guruh yetakchisi bo‘lgan Jaloliddinga mo‘may daromad evaziga “zakladchik” sifatida ishlab kelgan Abdurasulov Ziyodulla, G‘iyosov Sirojiddin va Murodov Sadriddin ismli shaxslar 2000 dan ortiq psixotrop dori vositalarini joylarga tarqatayotgan vaqtda qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi beshinchi qismi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tashkil etilgan narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yilib, unda 6000 ta bir martalik dozaga teng bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan edi.
Live
Barchasi