Mehmonxona sport zalini narko-omborga aylantirganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent va Farg‘onada o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida narkotik moddalarni yashirish va tashish bilan bog‘liq holatlar fosh etildi. Toshkentda mehmonxona sport zalidagi javondan qariyb 5 kilogramm narkotik modda topilgan bo‘lsa, Farg‘onada 810 gramm gashishni Toshkent viloyatiga olib ketayotgan 3 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, tezkor tadbir davomida Toshkentdagi mehmonxonalardan birining sport zalidagi javondan avval narkoshop omborchisi sifatida faoliyat yuritgan va hozirda qamoqda saqlanayotgan shaxsga tegishli narkotik moddalar topilgan. Xususan, 325 ta flakonga qadoqlangan, umumiy og‘irligi 4 kilogramm 800 gramm bo‘lgan giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 15 kilogramm gashish moyi va “opiy” giyohvandlik vositalari iste’moldan chiqarilgan. Ularning miqdori 75 ming dozaga teng ekani aytilmoqda.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida ham yirik narkosavdogarlar qo‘lga olingan.

Manbaga ko‘ra, 1969 yilda tug‘ilgan, avval 2 marta Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan sudlangan shaxs narkotik moddalar savdosiga turmush o‘rtog‘i va jiyanini ham jalb qilgan.

Ular Lacetti avtomashinasining lyuk qismiga 810 gramm gashish yashirib, uni Toshkent viloyatida sotish maqsadida olib ketayotgan vaqtida Dang‘ara tumani hududida qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida xorijdan sintetik giyohvandlik vositasini noqonuniy olib kirishga uringan 2 nafar yo‘lovchi ushlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing