O‘zbekistonda 5 oyda 1,2 tonna narkotik musodara qilindi

3-sahifa

image

O‘zbekistonda tegishli organlar tomonidan joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 1,2 tonna narkotik moddalar aniqlanib, 59 ta yirik narkojinoiy to‘da qo‘lga olindi. 

Joriy yilning yanvar–may oylarida huquq-tartibot organlarining uyushgan narkojinoyatchilik hamda uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi amalga oshirgan kompleks tezkor tadbirlarida narkotik vositalarni tarqatish bilan shug‘ullangan 59 ta yirik uyushgan narkojinoiy guruh fosh etilgan. Ularning 15 nafar yetakchisi va 199 nafar a’zosi qo‘lga olingan. Shuningdek, 15 ta yashirin narkolaboratoriya aniqlangan. 

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yil davomida aniqlangan laboratoriyalar sonidan ham yuqoridir. Bundan tashqari, tezkor tadbirlar davomida 1,2 tonna an’anaviy narkotik moddalar, 54 kilogramm sintetik narkotiklar, 4,6 million dona psixotrop dori vositalari hamda 3 tonnadan ortiq noqonuniy prekursorlar musodara qilingan. 

Narkojinoyatchilikka qarshi kurash yo‘nalishida Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston Respublikalarining vakolatli organlari bilan hamkorlikda 7 marotaba xalqaro tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Tahlillarga ko‘ra, narkotik vositalarning noqonuniy aylanmasi qisqarib, ularni realizatsiya qilish murakkablashgani sababli “qora bozor”dagi narxlar ham sezilarli darajada oshganini ko‘rsatmoqda. 

Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida esa 40 ta yirik jinoiy guruh faoliyatiga barham berilgan. Ularning 48 nafar yetakchisi, jumladan, 6 nafari xorijiy davlatlarda ushlanib, O‘zbekistonga olib kelingan. Shuningdek, 224 nafar a’zo qo‘lga olingan. 

Aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur jinoiy guruhlar mamlakatning 50 ta shahar va tumanida talonchilik, bezorilik va tovlamachilik harakatlari bilan shug‘ullanib, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda fuqarolarga tan jarohati yetkazish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona, Andijon va Toshkent viloyatlarida vertolyot yordamida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 18 ming tupdan ortiq ko‘knori va kannabis o‘simliklari aniqlanib, yo‘q qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

qora bozor narkotik moddalar narkojinoiy to'da

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing