Toshkentda issiqlik tariflari 2 marta oshiriladi, lekin bu ham yetarli emas – Jamshid Qo‘chqorov
Jamiyat
−
14:38
3320Toshkent shahrida kelasi yilda issiqlik ta’minoti tariflari 2 marta oshiriladi. Biroq bu ham yetarli emas. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov bugun, 18 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida ma’lum qildi.
“Endi issiqlik ta’minoti korxonalari haqida gapiradigan bo‘lsak, issiqlik ta’minoti bo‘yicha masalalarimiz biroz murakkabroq. Chunki bizda tariflar orasidagi farqlar juda katta. Ya’ni, issiqlik energiyasini ishlab chiqarish narxi Toshkentda bir xil, Buxoro yoki Farg‘onada esa boshqa. Shundan kelib chiqib, bu sohada ayrim texnologik muammolar ham bor. Bularga o‘lchagichlarni o‘rnatish masalasi kiradi, chunki issiqlikni o‘lchash ham o‘zi katta muammo. Yana bir texnologiya bilan bog‘liq masala shuki, tizimlar juda eskirib ketgan. Qozonxonalar va yetkazib berish tarmoqlari Sovet ittifoqidan qolgan eski texnologiyalardan foydalanadi va ular gazni ham ko‘p iste’mol qiladi. Foyda koeffitsiyenti va gazdan foydalanish koeffitsiyenti ham samaradorligi past bo‘lib hisoblanadi”, dedi u.
Qo‘chqorov yaqinda Toshkent shahar mahalliy kengashi qaror qabul qilib, kelgusi yilda ikki marta tariflarni oshirishni belgilaganini qo‘shimcha qildi va bu ham yetarli emasligini bildirdi.
“Tariflarni qoplab berish uchun, umuman, Toshkent shahri byudjeti qanchalik katta bo‘lishiga qaramay, shaharning issiqlik bilan bog‘liq subsidiyalarini respublika byudjetidan ajratib berishga to‘g‘ri kelyapti”, dedi vazir.
Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, energetika sohasidagi islohotlar elektr energiyasi va gaz bozorini chakana va ulgurji bozor sifatida shakllantirish bilan yakun topadi.
“Shunda byudjetdan bu sohaga subsidiyalar berishga hech qanaqa ehtiyoj qolmaydi”, dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Eslatib o‘tamiz, Jamshid Qo‘chqorov mazkur majlisda energetika sohasiga davlat byudjetidan subsidiya ajratish 2025-2026 yillarda davom etishi, 2027 yilda keskin pasayishi va 2028 yildan butunlay to‘xtatilishini aytgandi.
LiveBarchasi