Toshkentda isitish tizimi qachon o‘chirilishi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Toshkent shahrida joriy yilning 20 aprelidan isitish tizimini o‘chirish boshlanadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.

“Havo harorati keyingi haftada +27 daraja va undan ortiq bo‘lishini ko‘rsatayotgan ob-havo prognozini o‘rgangan holda, shuningdek, energiya manbalarini tejash va issiqlik ta’minoti tizimini yozgi ish tartibiga o‘tkazish maqsadida, Toshkent shahar hokimligi tomonidan turar joylarda issiqlik ta’minoti tizimini 20 aprel kunidan boshlab bosqichma-bosqich o‘chirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.

Hokim o‘rinbosari Bahtiyor Rahmonqulovning ma’lumot berishicha, issiqlik ta’minoti tizimini o‘chirish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Birinchi navbatda issiqlik manbalarida bosim pasaytiriladi, nasos stansiyalari o‘chiriladi, keyin bevosita turar joylarining issiqlik ta’minoti tizimlari va lokal qozonxonalar o‘chiriladi. Jarayon yakunida issiqlik tarmoqlari to‘liq issiq suv ta’minoti rejimiga o‘tadi. Issiqlik ta’minoti tizimini o‘chirishning to‘liq jarayoni o‘rtacha 3 sutka vaqt oladi.

Shu bilan birga, shahar hokimining o‘rinbosari, karantin yakuniga qadar bahorgi bir haftalik issiq suv o‘chirilishi ko‘zda tutilmayotganligini, kelgusi isitish mavsumiga tayyorgarlikning barcha jadvallari vujudga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, qayta ko‘rilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent da isitish tizimini o‘chirishni dastlab 1 apreldan boshlash rejalashtirilgandi. Biroq mamlakatda karantin rejimi o‘rnatilib, bolalar uyda qolgani va yog‘inli kunlar davom etgani uchun isitish tizimini o‘chirish kechiktirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent isitish tizimi

Baholaganlar

103

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing