Toshkentda intim xizmatlar bilan shug‘ullangan SPA salon aniqlandi (video)
3-sahifa
−
18 fevral 2025 15131 1 daqiqa
Bugun, 18 fevral kuni Toshkent shahar Mirobod tumanida intim xizmatlar bilan shug‘ullangan SPA salon aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasining Mirobod tuman bo‘limi tomonidan murojaatlar asosida tumandagi SPA salonlardan birida maxsus tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida SPA salonlarda massaj xizmati emas, balki noqonuniy intim xizmatlar ko‘rsatilayotgani fosh bo‘lgan. U yerda ishlayotgan 6 nafar ayol mijozlarga jinsiy xizmatlar taklif qilgani, faoliyat maxfiy ravishda yo‘lga qo‘yilgani aniqlangan.
Xonalarni tekshirish jarayonida turli jinsiy himoya vositalari, foydalanilgan tibbiy salfetkalar topilgan, gigiyenik talablarni mensimaslik holatlari aniqlangan. Shuningdek, xonada massaj xizmatini ko‘rsatish uchun vositalarning yo‘qligi, ventilyatsiya tizimi ishlamasligi ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, mazkur huquqbuzarlik va sanitariya qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi sababli ushbu ob’ekt faoliyati zudlik bilan to‘xtatilgan. Hozirda tegishli tashkilotlar bilan chuqurlashtirilgan tekshiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi tuzilmalari tomonidan joriy yilning 8-9 fevral kunlari o‘tkazilgan “Oriat” keng ko‘lamli tadbirlarida OITSga qarshi kurashish markazida ro‘yxatda turib, boshqa shaxslar bilan tartibsiz jinsiy aloqa qilgan 20 yoshli qiz ushlangan edi.