Toshkentda bog‘cha bolalariga igna tiqqan amaliyotchi jarimaga tortildi
3-sahifa
−
08 iyun 2023
6018Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 122-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida amaliyot o‘tayotgan kollej o‘quvchisi bog‘cha tarbiyalanuvchilariga igna tiqqani haqida xabar berilgandi. U va bog‘cha tarbiyachisiga jarima jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.
Bugun, 8 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudining sayyor majlisida 122-sonli bog‘cha tarbiyachisi S.E. va M.R. (2003 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Pedagogika kollejining 3-bosqich o‘quvchisi) ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan.
Sudning qarori bilan ikki nafar huquqbuzar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
“Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berishi va protest keltirishga haqlidir”, deyiladi xabarda.
Sud tomonidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bosh boshqarmasi boshlig‘iga sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan mehnat munosabatlaridan kelib chiqib, rasmiy munosabat bildirish va tegishli chora-tadbirlar belgilash hamda huquqbuzarlik sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 313-moddasi tartibida taqdimnoma ham chiqarilgan.
Shuningdek, Yangihayot tumanidagi 122-sonli bog‘cha mutasaddilariga ro‘yxatdan o‘tmasdan turib, tarbiyalanuvchilarni qabul qilinganlik holati va ular uchun to‘lovlar amalga oshirilganini tekshirib, qonuniy baho berish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 278-moddasi tartibida Yangihayot tuman prokuroriga xabarnoma yuborilgan.
LiveBarchasi