Toshkentda bir necha mashinalarni majaqlagan Lacettiʼdagi 3 kishi qamaldi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida Lacetti haydovchisi narkotik modda ta’sirida yo‘l-transport hodisasi sodir qilgani haqida xabar berilgandi. Ushbu mashina ichida bo‘lganlarning 3 nafari 7 sutkaga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Sud materialiga ko‘ra, sudlanuvchilar – 35 yoshli G.P., 21 yoshli B.R. va 20 yoshli D.Q. joriy yilning 18 aprel kuni S ismli shaxsning uyida o‘tkazilgan mehmondorchilikda tanishgan. Shu kuni kechasi o‘sha yerda tunab qolishgan. Ertasi kuni ertalab B.R.ning sog‘lig‘i yomonlashgani uchun S.ning o‘rtog‘i J.ning avtomashinasida S, J, B.R.,D.Q. va G.P. birgalikda dorixonaga chiqqan, avtomashinani esa S boshqargan.

Ular mashinada davlat raqam belgisiz harakatlanib kelayotgani sababli kecha, 19 aprel kuni soat 07:30 da Chilonzor tumanining TXAY va Chorbog‘ ko‘chalari kesishgan chorrahada xizmat olib borayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektori Lacetti'ga to‘xtash ishorasini bergan, ammo ular ishoraga bo‘ysunmagan. Avtomobilni haydayotgan S ularning ogohlantirishlariga qaramasdan avtomashinani katta tezliqda boshqarib, boshqa transport vositalariga ham urilgan. Mashina to‘xtatilgach, ularni IIB binosiga olib ketmoqchi bo‘lgan IIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatishgan. Shuningdek, shu yerda bo‘lgan fuqarolar ularga baqirgani uchun barchani haqorat qilishgan.

Mazkur ish yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida o‘tkazilgan sud majlisida G.P , B.R. hamda D.Q. qilgan ishidan pushaymonligini, bunday holat boshqa qaytarilmasligini aytib, suddan o‘zlariga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘rab ko‘rsatuvlar bergan.

Sud ularning har biri Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan. Sud qaroriga ko‘ra, ushbu fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida – 375 ming so‘m jarima jazosi hamda kodeksning 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanish) tartibida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida uzil-kesil 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

YHXX xabariga ko‘ra, ushbu avtomobil boshqaruvidagi S ismli ayol mashinada 2 ta Damas avtomobiliga texnik shikast yetkazgan holda hodisa joyidan qochishga harakat qilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida transport vositasi to‘xtatilib, uning ichida bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchilar tekshirilganda, avtomobil ichida noma’lum moddalar, shuningdek, narkotik modda iste’moli uchun ishlatilgan buyumlar borligi aniqlangan. Haydovchi ham narkotik modda ta’sirida bo‘lgan. Haydovchi va J ismli yo‘lovchi protsessual tartibda ushlanib, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlariga kirishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Toshkent Lacetti mayda bezorilik ma'muriy qamoq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing