Toshkentda yana bemor “tez yordam” shifokorini o‘lasi qilib do‘pposladi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Kecha, 26 mart kuni Toshkentda chaqiruv asosida fuqaro xonadoniga borgan tez tibbiy yordam shifokori kaltaklandi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, soat 23:43 da Toshkentdagi  “103” dispetcherlik xizmatiga  Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro A.dan chaqiriq kelib tushgan. 

Ko‘rsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor – 1995 yilda tug‘ilgan Baxromjon Hazratov) 7 daqiqa ichida zudlik bilan yetib borgan. Bemor ko‘rikdan o‘tkazilayotgan vaqtda to‘satdan shifokor B. Hazratovga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. 

Shifokorning olgan jarohatidan kuchli qon ketayotgani sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa bemorning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati o‘ta og‘irligini  inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan. 

“26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B. Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimatsiya bo‘limida og‘ir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda. U hozir og‘ir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning o‘rta darajadagi lat yeyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qo‘yilgan”,  deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron To‘laganov

Dastavval, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining ko‘p tarmoqli klinikasiga olib borilgan B. Hazratovning boshidan kuchli qon ketayotganligi sababli qon to‘xtatish uchun boshning tepa va ensa sohalaridagi jarohatga 4 ta chok qo‘yilgan. 

Ma’lumot uchun, Toshkent shahri tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan  shu yilning yanvar oyida 82 ming 462 ta, fevral oyida  80 ming 290 ta va 1 martdan to 27 martgacha 80 ming 531 ta chaqiriqlarga o‘z vaqtida  zudlik bilan  tibbiy yordam ko‘rsatilgan.  O‘tgan yil ushbu tizimga   mamlakatimiz bo‘yicha 11 yarim milliondan oshiq murojaatlar kelib tushgan. 

“Albatta, aybdorlar qonun doirasida o‘z qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi. Vazirlik bu uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qo‘llashni talab etib, uni nazorat qiladi”, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Toshkentda mast bemor shifokorni do‘pposlab, og‘ir ahvolga tushirib qo‘ygani xabar qilingandi. Shuningdek, mart oyi boshida Jizzaxda, fevral oyida Toshkentda tez tibbiy yordam xodimlari kaltaklangandi.


Maqola muallifi

Teglar

tez yordam

Baholaganlar

352

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing