Samarqandda tez yordamga yo‘l bermagan haydovchi jazolandi (video)
3-sahifa
−
21 iyul 4585 1 daqiqa
Samarqand viloyati Toyloq tumanida tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagan “Deepal S7” rusumli avtomobil haydovchisiga chora ko‘rildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 21 iyul kuni sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Toyloq tumani ko‘chalarida harakatlanayotgan “Deepal S7” rusumli avtomobil haydovchisi tez tibbiy yordam avtomashinasiga yo‘l bermagani aks etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, videoda tez yordam haydovchisi bir necha bor avtomobil davlat raqamini aytib, yo‘l bo‘shatishni so‘ragan. Biroq shunga qaramay, “Deepal S7” haydovchisi harakatini o‘zgartirmagan va tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l bermagan. Holat yuzasidan Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.
Shundan so‘ng, haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-5-moddasi (transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, haydovchi bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahrida ham tez yordam avtomashinasiga yo‘l bermagan haydovchi aniqlanib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan edi.
Live
Barchasi