Toshkentda an’anaviy ariqlar tarmog‘i qayta tiklanadi
Jamiyat
−
25 noyabr 2025 2624 1 daqiqa
Toshkentda an’anaviy sug‘orish kanallari tarmog‘i – ariqlar tizimini qayta tiklash ishlari boshlanadi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu tizim ko‘p yillar davomida shaharning suv taqsimotini ta’minlab, qulay mikroiqlim yaratishga xizmat qilib kelgan.
Toshkent shahar hokimligi Kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda ariqlarni bosqichma-bosqich tiklash va zamonaviylashtirish rejasini ishlab chiqmoqda. Loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
- Mavjud ariq o‘zanlarini tozalash va ta’mirlash;
- shikastlangan qismlarni tiklash;
- kanallar atrofidagi hududlarda tartib va obodonlashtirish ishlarini olib borish;
- ariqlardan kelajakda muntazam va samarali foydalanish uchun zarur sharoit yaratish.
Ma’lum qilinishicha, ishlarning asosiy maqsadi – vaqt sinovidan o‘tgan usullarga tayangan holda suv chiqarish va sug‘orish samaradorligini oshirish, shahardagi changlanish darajasini kamaytirish, shuningdek, poytaxt atrof-muhitining ekologik holatini yaxshilashdan iborat.
2026 yil bahorida boshlanishi mo‘ljallangan ushbu loyiha Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va aholining turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlarning bir qismi sifatida amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda daraxtlar sonini ko‘paytirish, ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va atmosfera havosini tozalash maqsadida “Yashil belbog‘” va “Yashil koridor” loyihalari amalga oshirilishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi