Farg‘onada ariqdan erkak kishining murdasi topildi
3-sahifa
−
02 noyabr
11447Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida ariqdan 46 yoshli erkak o‘lik holda topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bugun, 2 noyabr kuni soat 08:30 da Farg‘ona shahrining “Cheksho‘ra” MFY Charog‘on ko‘chasidan o‘tgan ariqdan noma’lum shaxsning murdasi tan jarohatlarisiz topilgan. Holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokurori rahbarligida tezkor-tergov guruhi tomonidan voqea joyi va murda ko‘zdan kechirilganda, ishga aloqador holatlar aniqlanmagan va ashyoviy dalillar olinmagan.
Aniqlanishicha, marhum 1978 yilda Rishton tumanida tug‘ilgan, Farg‘ona shahri “Ilg‘or” MFY Farovon turmush ko‘chasi 5/205-uyda yashagan S.R. bo‘lib, turmush o‘rtog‘i N.J. tomonidan tanib olingan.
O‘lim sababini aniqlash maqsadida tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, erkakning o‘limiga nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi oqibatidagi mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan, uning tanasida jarohatlar aniqlanmagan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Peyzaj ko‘chasidagi kvartiradan asli o‘zbekistonlik bo‘lgan 19 yoshli yigitning jasadi topilgandi. Marhum yurak sohasidagi jarohat bilan topilgan. Asli toshkentlik bo‘lgan yigit voyaga yetgandan ikki hafta o‘tib, Rossiya pasportini olgan. U bilan kvartirada 20 yoshli sankt-peterburglik qiz ham bo‘lgan. Qizning huquq-tartibot organlariga bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, ular kvartirani ijaraga olgan va kechqurun spirtli ichimlik ichib, kelajak rejalarini muhokama qilgan. Taxminlarga ko‘ra, qiz yigit bilan birga yashamasligini aytgan.
LiveBarchasi