Toshkentda 580 ming dollarga noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi
3-sahifa
−
22 avgust
4049Toshkent, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi. Bu haqda Davlat xaavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyatining Qibray tumanida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbari Parkent tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbari bilan o‘zaro til biriktirib, mazkur fermer xo‘jaligiga tegishli 42,5 gektar yer maydonini xaridorga go‘yoki 51 gektar ekanini aytib, uni 580 ming AQSH dollariga sotishga kelishadi. Ammo ular so‘ralgan summaning 550 ming dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Shuningdek, viloyatning Nurafshon shahrida yashovchi 1968 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zining turmush o‘rtog‘iga O‘rta Chirchiq tuman hokimligi tomonidan obodonlashtirish hamda bog‘ barpo qilish uchun ajratib berilgan 3,64 gektar yer maydonining 2 gektarini 1971 yilda tug‘ilgan tanishi bilan kelishgan holda xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 560 ming dollar talab qilib, pulning 60 ming dollar qismini olgan vaqtida ularning jinoiy harakatlariga chek qo‘yiladi.
Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Dang‘ara tumanida yashovchi 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro o‘ziga 2017 yilda tuman hokimligi tomonidan bog‘dorchilik qilish uchun ajratilgan 1,3 gektar yer maydonida issiqxona qurishga ruxsat olingani haqida yolg‘on gapirib, 410 ming AQSH dollar evaziga uni xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytadi. Ammo u so‘ralgan pul mablag‘idan 35 ming dollarini olgan vaqtida ushlanadi.
Viloyatning Qo‘qon shahridagi holatda esa 1991 yilda tug‘ilgan fuqaro tadbirkorning ishonchiga kirib, shahar hokimligi zaxirasida bo‘lgan 5 sotix yer maydonini go‘yoki o‘ziga tegishli ekanligini aytib, uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming dollar talab qiladi. Lekin u avans sifatida pulning 20 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan 1956 yilda tug‘ilgan shaxs hokimiyat tizimida ishlovchi tanishlari yordamida ushbu yer maydoni bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga 5000 dollar olgan paytida qo‘lga olindi.
Andijon viloyatining Andijon shahrida esa 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro shahar hududidagi “Bo‘ston” yoshlar kichik zonasida joylashgan 10 sotix yerni mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 46 ming dollar talab qiladi va so‘ralgan pulning 25 ming dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent va Jizzaxda hokim yordamchilari pora bilan ushlangandi.Shuningdek, “O‘zbekfilm”ning soxta xodimi pora olganda qo‘lga tushdi.
LiveBarchasi