Toshkentda 230 ta qoidabuzarlik qilgan ayolning Lacetti’si auksionda sotib yuborildi
3-sahifa
−
14 avgust
7087Toshkent shahrida 230 ta qoidabuzarlik qilgan ayol haydovchining Lacetti’si xatlanib, auksionda sotib yuborildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning fevral oyida MIBning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan 174 ta qoidabuzarlik sodir etgan haydovchining Lacetti mashinasi xatlab olingan. Fuqaroga 174 ta ma’muriy jarimadan qariyb 59 mln so‘m miqdoridagi qarzdorlikni qoplasa, mashina o‘ziga qaytarilishi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.
Ammo oradan 6 oy o‘tib, 174 ta qoidabuzarlik soni 230 taga ko‘paygan. Ya’ni haydovchi mashina xatlanishidan oldin ham yo‘llarda tinimsiz harakat qoidalariga rioya etmay harakatlanib yurgan. Buning oqibatida 60 kun o‘tganidan so‘ng ham uning barcha qarzdorliklari MIB ish yurituviga kelib tushavergan. Shu tariqa, haydovchining qoidabuzarliklari soni 230 taga, jarimalar miqdori esa 88 mln so‘mga yetgan.
Qarzdorning Lacetti’si auksion savdolariga chiqarilgan. O‘tkazilgan savdolar jarayonida mashina auksion qatnashchisi tomonidan 92 mln so‘mga sotib olingan.
Qayd etilishicha, hozirda auksion savdolari orqali kelib tushgan pul mablag‘lari qarzdorning jarimalarini so‘ndirish uchun yo‘naltirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida 105 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan va ma’muriy jarimalarni to‘lamagan shaxsning Gentra mashinasi xatlovga olingandi.