Toshkentda 163 mln so‘mlik daraxtlar noqonuniy kesildi
Jamiyat
−
06 iyul 2019
5177Toshkentning Yunusobod tumanida 11 ta daraxt noqonuniy kesilgani aniqlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 4 iyul kuni Toshkent shahar Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga Yunusoboddagi daraxtlar noqonuniy kesilayotganligi xaqida xabar kelgan. Xabar shu kabi vaziyatlar uchun maxsus yaratilgan Telegram`dagi @EcoControl_bot orqali yetkazilgan.
Tezkor surishtirish ishlari natijasida haqiqatdan ham Yunusobod tumani, 4-mavze, “Billur” mahallasida diametri 51 sm.dan 78 sm.gacha bo‘lgan 11 ta daraxt noqonuniy kesilganligi aniqlangan.
Daraxtlar kesilishi “M.C.S.” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan. Tabiatga keltirilgan zarar jami 163 663 929 so‘m deb baholangan.
Ushbu holat bo‘yicha tuman Ekologiya inspeksiyasi tomonidan rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.
Bundan avvalroq, 25 iyun kuni poytaxt hokimiyati Yunusobod tumanidagi Navoiy ko‘chasida noqonuniy daraxt kesilishi holati aniqlangani haqida xabar bergan edi. Biroq, o‘shanda QALAMPIR.UZ mazkur jarayonga bevosita aloqasi bo‘lgan va bo‘lmagan 10 dan ortiq xodim sud qarorisiz shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning buyrug‘i bilan hibsga olinganini aniqlab, holat bo‘yicha "Ortiqxo‘jayev va uning hokimiyati qonunni mensimaydi...mi?" nomli maqola e’lon qilgandi.
Umid qilamizki, bu safar noqonuniy daraxt kesilishi holatiga qonun doirasida ortiqcha mashmashalarsiz chora ko‘rilgan.