Toshkentda 16 tup daraxt noqonuniy kesildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

“Yashil makon”, daraxtlar kesilishiga qarshi moratoriy va shu kabi ko‘kalamzorlashtirish maqsadida qator chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga qaramay, daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog‘liq holatlar hamon kuzatilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 16 tup daraxt noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlangan. Bu haqda bugun, 19 noyabr kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, daraxtlar Yashnobod tumani “Iltifot” mahallasi hududidagi qurilish ob’ektida kesilgani aniqlangan.

Oqibatda O‘zbekiston Respublikasining “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 37-moddasi talablari buzilib, o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, zarar miqdori 3 milliard 514 million 200 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Ma’lum qilinishicha, o‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyining so‘ngida Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 30 ga yaqin daraxtlar noma’lum shaxslar tomonidan kesib tashlangani ma’lum bo‘lgan edi.

Ma’lumot uchun, 2021 yil 30 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingandi. Farmon bilan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

daraxt Yashil makon

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing