Toshkentda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalari paydo bo‘ladi

Jamiyat

image

Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistika muammolarini o‘rganish markazi, Toshkent shahar transport boshqarmasi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ hamkorligida Toshkent shahridagi yo‘lovchi tashishning yer usti transporti yo‘nalishlarini maqbullashtirish ishlari ketmoqda.

“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, mazkur jarayonda asosiy e’tibor yo‘nalishlarni metro bekatlariga bog‘lash, magistral yo‘nalishlar va ularga yo‘lovchilarni olib chiquvchi yordamchi yo‘nalishlar tarmog‘ini yaratishga qaratilgan. 

“Ushbu o‘zgartirishlardan maqsad - magistral yo‘nalishlar o‘tadigan ko‘chalardagi boshqa yo‘nalishlar sonini imkon darajasida kamaytirish. Bu yo‘nalishlarning bir birini takrorlamasligiga, qatnov muntazamligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bo‘shagan avtobuslar hisobidan transport vositalari yetishmayotgan yo‘nalishlarni to‘ldirish imkonini beradi. Bu qatnov intervalini keskin qisqartirib, yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishlarining oldini oladi”, deyiladi “Toshshahartransxizmat” AJ xabarida.

Muvofiqlashtirish jarayonida magistral va shahar markazida qatnovchi yo‘nalishlarga katta sig‘imli, yordamchi va shahar chetidagi yo‘nalishlarga esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqqan holda o‘rta va kichik sig‘imli avtobuslarni biriktirish rejalashtirilgan.

“Yo‘lovchilar manfaatidan kelib chiqib bunday o‘zgarishlar jarayonida avtomat to‘lov tizimini ham takomillashtirish, rivojlantirish taqozo etiladi. Shuni inobatga olgan holda 15, 7 va 3 kunlik elektron yo‘l chiptalarini tatbiq etish bo‘yicha hukumat qarori tayyorlandi. Qarorning amalga tatbiq etilishi natijasida yo‘lovchilar yo‘nalishdan yo‘nalishga o‘tishida ortiqcha mablag‘ sarflamasliklari ta’minlanadi. 

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda dastlabki o‘zgartirilgan avtobus yo‘nalishlari e’lon qilindi. Ushbu o‘zgarishlar asosan magistral yo‘nalishlari bo‘lib, ular o‘tadigan ko‘chalardan boshqa yo‘nalishlarni olib tashlash nazarda tutilgan. E’lon qilingan materiallarda magistral yo‘nalishlariga yo‘lovchilarni olib chiqadigan yordamchi yo‘nalishlar haqidagi ma’lumotlar berilmaganligi yurtdoshlarimizda ba’zi bir tushunmovchiliklarga ham sabab bo‘ldi.

Endilikda yurtdoshlarimizda ortiqcha savollar tug‘ilmasligi va tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida magistral yo‘nalishlarining o‘zgarishlari, qisqartiriladigan yo‘nalishlar va yordamchi yo‘nalishlar haqidagi to‘liq ma’lumotlar ijtimoiy sayt va tarmoqlarda e’lon qilib boriladi”, deyiladi “Toshshahartransxizmat” xabarida.

Avvalroq, Toshkentda beshta yo‘lovchi oqimi eng ko‘p avtobus yo‘nalishlarini sezilarli qisqartirish rejalashtirilayogani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Toshshahartransxizmat jamoat transporti

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing