Toshkentda 103 xodimi bemor ayolga uyatsiz harakatlar qilgani aytilmoqda

3-sahifa

image

Toshkent shahrida chaqiruviga ko‘ra kelgan tez tibbiy yordam xodimi bemor ayolga nisbatan behayo harakatlar qilgani aytilmoqda. Bu haqda jurnalist va bloger Shahnoza Soatova o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

Soatovaga tushgan murojaatga ko‘ra, unga tanish bo‘lgan ayol shu yilning 16 noyabridan 17 noyabrga o‘tar kechasi tobi qochib, tez yordam chaqirgan. Ayol yolg‘iz o‘zi yosh bolasi bilan yashagani va kechqurunligi uchun iloji bo‘lsa ayol shifokor kelishini so‘ragan. Lekin ikki soatda ham ayol shifokor topilmagani sabab tungi soat 00:15 da erkak shifokorning bir o‘zi uning xonadoniga kirib kelgan. U bemorga uchta shpritsda ukol qilgan. Muolaja davomida ayol o‘zini g‘alati his qila boshlagan. 

“Miyam birdan mast odamnikiday garang bo‘lib qoldi, osmonga uchayotgandek bo‘ldim. Es-hushim joyida, lekin oyoq-qo‘lim bo‘shashib o‘zimga bo‘ysunmay qoldi”, degan ayol.

Tez yordam shifokori ayolning ojizligidan foydalanib, unga nojo‘ya qiliqlar qilgan, qo‘li bilan jinsiy zo‘rlagan. 

“Ayol ertasi kuni ham kechgacha xayoli o‘zida bo‘lmagan, kechga borib nima bo‘lganini anglay boshlagan. Lekin 102 ga qo‘ng‘iroq qilingach, yetib kelgan uchastka noziri yetarli tezkorlik ko‘rsatmagan, ayolga “baribir isbotlashingiz qiyin” deb murojaatidan voz kechishga undagan. Ayol qat’iyat ko‘rsatgach, sudmedekspertizaga yo‘llanma bergan”, deydi Soatova.

Ayol sudmedekspertizaga borgan, ish kuni tugab qolgani uchun tahlil o‘tkazilmagan. Sudmedekspertiza, narkologiyaga borib vaqti zoye ketgan ayolga “uchastkovoy” ham “dalilingiz yetarli emas” qabilida sust harakat qilgan. 

“Tez yordam qoldirib ketgan shpritslardagi modda qoldiqlarini ham hech kim e’tiborga olmayapti. Portalga qilingan qo‘ng‘iroqlar, murojaatlar oxirigacha eshitilmayapti. Ayol adolatga ishonmayapti, lekin uni topmoqchi. Ayolning ahvoli juda yomon, ham o‘sha “shifokor”ning iflos ishidan xo‘rlangan, ham bu sustkashlik va eshikma eshik to‘pdek tepilishlardan charchagan”, deydi jurnalist.

Shuningdek, Shahnoza Soatova Ichki ishlar vazirligi mas’ullari va Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovga murojaat qilib, ulardan bu masalaga e’tibor qaratishini so‘ragan.

Blogerga Respublika tez tibbiy yordam markazi matbuot kotibi Iroda Abdug‘afforovnaning ma’lum qilishicha, chaqiriqqa borgan tez tibbiy yordam feldsheri O.M.ning ish faoliyati bo‘yicha xizmat tekshiruvi tayinlangan. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hanuz rasmiy munosabat bildirmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent uyatsiz harakat 103 xodimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing