Toshkentda hovlisida qurol va narkotik saqlagan erkak qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
12 Oktabr
5309Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘z yashash xonadonida giyohvandlik moddasini saqlab kelayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1972 yilda tug‘ilgan, Uchtepa tumanida yashovchi shaxs xonadonida giyohvandlik vositalarini yetishtirib, saqlab kelayotgani aniqlangan. Uning yashash uyi ko‘zdan kechirilganda, xonadon yerto‘lasida quritib qo‘yilgan 85 tup 14 kilogramm 365 gramm, omborxonasidan esa 31 ta turli xil qog‘oz bo‘laklariga qadoqlangan 1 kilogramm 480 gramm, jami – 15 kilogramm 865 gramm giyohvandlik moddalari topilgan.
Shuningdek, hovlisida 3 tup kannabis giyohvandlik o‘simligi hamda noqonuniy saqlanayotgan 1 dona pnevmatik qurol borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi doirasida giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatuvchi 32 nafar shaxs qo‘lga olingandi. Barcha holatlar yuzasidan Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
LiveBarchasi