Toshkentda havo sifati yana yomonlashishi mumkin

Jamiyat

image

Bugun, 22 sentyabr kuni soat 21:00 dan 23 sentyabr tongi soat 4:00 gacha yer yuzasidagi havo sovib, yuqoriroq qatlamdagi havo iliqroq qolishi natijasida harorat inversiyasi shakllanishi kutilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Meteorologik prognozga ko‘ra, shamol tezligi Toshkent shahrida ayrim soatlarda 0,5–1 m/sgacha pasayadi, havoning vertikal aralashuvi esa sekinlashadi. Yog‘ingarchilik kutilmayotgani sababli havodagi zarrachalarning uzoqroq muddat havoda qolib ketish ehtimolligi mavjud. Bu omillar PM2.5 va PM10 zarrachalarining yerga yaqin qatlamda to‘planishiga qulay sharoit yaratadi.

Prognozlar poytaxtning aksariyat hududlarida sutkaning 22:00 va 1:00 oralig‘ida havo sifati AQI standartiga ko‘ra “sezgir guruhlar uchun nosog‘lom” darajagacha yomonlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Ertalab yer yuzasi isib, inversiya zaiflashishi va vertikal aralashuv kuchayishi bilan havo sifati asta-sekin yaxshilanishi kutilmoqda. Shu sababli kechki vaqtlarda ochiq havoda uzoq vaqt bo‘lmaslik tavsiya qilinadi. Hozirda atmosfera havosi sifati Maxsus komissiya tomonidan doimiy monitoring qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida atmosfera havosida PM2.5 va, ayniqsa, PM10 zarrachalari miqdorining qisqa muddatli keskin ortishi kuzatilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing