Toshkent viloyatida zo‘rlangan 13 yashar qiz ishi sudda ko‘riladi

3-sahifa

image

Joriy yilning bahor faslida Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz Milliy gvardiya xodimi tomonidan bir necha yil avval zo‘rlangani haqida xabar bergan edik. Hozirda mazkur holat bo‘yicha ish sudga oshirildi. Bu haqda “Sukut saqlama” (Nemolchi.uz) loyihasi xabar berdi.

Keltirilishicha, qizning nomusiga tekkan Sh.Sharipov u paytda tizimda faoliyat yuritmagan, keyinchalik esa Milliy gvardiyaga ishga kirgan.

“Ikki yil davomida ish sudgacha yetib bormagan. Jinoyat ishi da’vo muddati o‘tib ketgani va dalillar yo‘qligi vaji bilan yopilardi. Ish Qibray tuman prokuraturasi, Harbiy prokuratura, Bosh prokuraturaga oshirildi. Senatorlar va Bolalar ombudsmaniga ham murojaat qilganmiz. Hammasi behuda”, degan qizning oilasi Nemolchi.uz loyihasiga.

Oila loyiha tahririyatiga murojaat qilganidan so‘ng bu haqda barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan. Shundan so‘ng yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ish o‘ta muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi, Toshkent viloyati prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Qosimov Azamatga topshirilgan. Tergovchi doimo jabrlanuvchining oilasi bilan aloqada bo‘lgan, jinoyatchining aybini isbotlash uchun barcha guvohlarni chaqirgan va tergovga yordam berishi mumkin bo‘lgan mayda detallarni ham inobatga olgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning 29 iyul kuni tergov harakatlari yakunlanib, dastlabki sud majlislari o‘tkazilgan.

“Odil sudlovdan umid qilamizki, vaqt yo‘qotilganiga qaramay, jinoyatchi jazolanadi. Toki kelajakda bunday jinoyatlar takrorlanmasligi va sukut, qo‘rqitish va yollanma advokatlarning ko‘pligi niqobi ostida zo‘ravonlik jazosiz qolmaydi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot o‘rnida, voqea 2019 yilning yoz faslida Toshkent viloyati Qibray tumanida sodir bo‘lgan. Jabrlangan qiz ota-onasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qilgan. 2019 yilning yozida esa buvisining uyiga, Toshkent viloyati Qibray tumaniga kelgan. Voqea sodir bo‘lgan kuni qiz dugonasi bilan birga bo‘lgan. Uyiga qaytayotganida uni buvisining qo‘shnisi Sh.Sh. kuch ishlatib, bir binoga olib kirgan va o‘sha yerda qizni zo‘rlagan. Qiz uzoq vaqtga qadar tahdidlardan qo‘rqib bo‘lgan voqeani hech kimga aytmagan. 2022 yilning fevral oyida ota-onasi ham bundan xabar topib, Sharipovni javobgarlikka tortish uchun Toshkent shahriga yetib kelgan. Buning uchun ular turli davlat tashkilotlariga ariza bilan murojaat qilgan, ammo natija bo‘lmagan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Toshkent viloyati zo'rlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing