Toshkent viloyatida o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb qilindi
Jamiyat
−
03 iyun 2023
9506Toshkent viloyati Olmaliq shahrida 5 nafar o‘qituvchining majburiy mehnatga jalb qilingani aniqlanib, ularni ishlatgan mansabdorga nisbatan ma’muriy ta’sir chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Bildirilishicha, Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan holat yuzasidan o‘rganish olib borilgan.
Unga ko‘ra, Toshkent viloyati Olmaliq tumanidagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 5-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qaroriga zid ravishda 5 nafar pedagog xodim ma’muriy tartibda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga jalb etilgani aniqlangan.
Mansabdorga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 294-moddasida nazarda tutilgan huquq burchlari tushuntirilib, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 51-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy ta’sir chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati Marhamat tumanida obodonlashtirish xodimi tunda yo‘l-transport hodisasiga uchrab, vafot etgani haqida xabar berilgandi. Xodimlar ish vaqtidan tashqari ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek, dam olish kunlarida ma’muriy tarzda majburan ishlatib kelingani aniqlangan edi.
Avvalroq, Oliy Majlis Senati tomonidan pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun ma’qullangan edi. Unga muvofiq, pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun birinchi marta ma’muriy jazo qo‘llash, takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish belgilangan.
LiveBarchasi