Toshkent viloyatida “prava” tayyorlayman deb, fuqarolarni chuv tushirgan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
17 fevral
4473Toshkent viloyatida haydovchilik guvohnomasi tayyorlab berishini aytib, fuqarolarni chuv tushirib kelgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahrida yashovchi B.Sh. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan jami 3 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganini ma’lum qilgan. Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Toshkent viloyati Angren shahrida yashovchi 24 yoshli K.F. sodir etgani aniqlangan.
Unga ko‘ra, K.F. jabrlanuvchi B.Sh.ga o‘zini Telegram’dagi “O'zbekiston” nomli guruh admini sifatida tanishtirib, unga haydovchilik guvohnomasi tayyorlab berishini aytgan. Buning uchun “V” toifaga 3 million so‘m, “V,S” toifaga 3,5 million so‘m miqdorida pul tashlab berishi lozimligini aytib, 3 million so‘m miqdoridagi pulni oldindan o‘zining foydalanuvida bo‘lgan bank kartasiga o‘tkazib olgan. Shundan so‘ng u yozishmalarni o‘chirib yuborib, fuqaroning qo‘ng‘iroqlariga javob bermay, “qora ro‘yxat”ga kirgizib qo‘ygan.
"Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, K.F.ning sodir qilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda", deyiladi bu haqdagi xabarda.