Toshkent viloyatida bosh mutaxassis, Buxoroda esa arxitektor pora bilan ushlandi

3-sahifa

image

Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyatida bosh mutaxassisni, Buxoroda esa arxitektorni pora bilan ushladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Toshkent viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi mahalliy tadbirkor tomonidan O‘rtachirchiq tumanida qurilgan 3 qavatli savdo majmuasi binosini foydalanishga qabul qilib berish va boshqa hujjatlarini tegishli tashkilotlarda ishlovchi tanishlari orqali hal qilib berishni va’da qilgan. U evaziga 12 ming AQSH dollari talab qilgan. U so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, “O‘zbekiston shaharsozlik bo‘yicha loyihalash ilmiy-tadqiqot instituti” arxitektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Buxoro Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasidagi tanishlari orqali, Buxoro shahrida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MCHJga tegishli 8 sotix yer maydonida bino-inshootlar qurilishi uchun loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlashga yordam berishga 5 ming AQSH dollari talab qilgan. U ham so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 30 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mingbuloq tuman sudining raisi Sh.S. 2 000 AQSH dollari miqdorida pora olayotganida qo‘lga tushgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

pora Buxoro Toshkent viloyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing