Toshkent viloyati bosh infeksionisti qamoqdan chiqish uchun vazirlik va Ombudsmandan yordam so‘radi
Jamiyat
−
03 Oktabr 2020
11475Xabaringiz bor, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingan. Unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari diqqat markazida bo‘lib turgan masala yuzasidan munosabat bildirdi. Vazirlik Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilishi yuzasidan tashvishda ekanini, mazkur holatga adolatli va xolis yechim topilishi istagida ekanini bildirdi.
Qayd etilishicha, bugun, 3 oktyabr kuni Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) kotibiyati mudiri S.Azimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining 1-sonli tergov hibsxonasida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bilan Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida suhbat tashkil etilgan.
Suhbat davomida Guljahon Yo‘ldosheva bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va byudjet mablag‘ini talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olinganligi, ushbu ish bo‘yicha surishtiruv o‘tkazilib, shifokor muammolar haqida ochiq gapirgani, bundan tashqari tergov va suddan yashirinishi mumkinligini inobatga olib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganligini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Guljahon Yo‘ldosheva, eng avvalo, ona ekanligi, 6 nafar voyaga yetmagan, jumladan, 2 va 3 yoshli kichik farzandlari borligi, tergov yoki suddan yashirinishga urinmaganligini, shu bilan birga Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi faoliyati yuzasidan olib borilayotgan tekshiruvlar hamda unga nisbatan yuritilayotgan surishtiruv va tergov jarayonlarida bevosita o‘zining ishtirokida xolisona ko‘rilishini ta’minlashda o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasini o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘ragan.
O‘tkazilgan suhbat natijalari bo‘yicha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Ombudsman bilan hamkorlikda qonun doirasida va insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqqan holda yuqori sud instansiyalariga qo‘shma murojaat qilishini, shu asosda Guljahon Yo‘ldoshevaning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.
Jamoatchilik e’tiboriga tushgan masala yuzasidan QALAMPIR.UZ saytida turkum maqola va intervyular e’lon qilib kelinyapti. Bizga ma’lum bo‘lishicha, Guljahon Yo‘ldoshevaning aybi bilan o‘lgani aytilayotgan bemorning o‘zi ham shifokor bo‘lgan. U koronavirusga chalinganiga qaramay, viloyat bosh infeksionistining ko‘rsatmasi bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ruhiy kasallar shifoxonasiga ko‘chirilgan va oradan ko‘p o‘tmay vafot etgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bosh shifokorning hibsga olinishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi. Unda Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytildi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
LiveBarchasi