Toshkent va Andijonda dorifurushlar ushlandi

3-sahifa

image

Andijon viloyatining Andijon shahri va Toshkent shahrining Chilonzor tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan A.Yu. 197 dona inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Andijon shahriga sotish maqsadida olib kelayotgani aniqlanib, undan ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan. 

Yana bir holatda, Chilonzor tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.A. fuqaro Sh.S.ga 50 dona inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi “Zardeks” nomli dori vositasini 3,7 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Zardeks” orqali ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi, oshqozon og‘rig‘i yoki qorinda noqulaylik paydo bo‘lishi mumkin. Ba’zi odamlar bu doriga allergik bo‘lishi mumkin – teri toshmalari, qichishish, yuz yoki lablar shishishi, nafas olishda qiyinchilik kuzatiladi. 

Antibiotik ichak florasini buzib, foydali bakteriyalarni yo‘q qiladi. Ba’zi hollarda jigar yoki buyrak faoliyatiga zarar yetishi, qon tarkibidagi o‘zgarishlar, bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, uyqu buzilishi yoki asabiylik holatlari ham bo‘lishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Yangihayot tumanida ijaradagi uyida 16 249 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlayotgan shaxs qo‘lga tushgandi. Fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Andijon dori Zardeks

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing