Toshkentning yangi hokimi Rahmonovning o‘tmishi qanday?
Tahlil
−
17 yanvar 2023
29293Toshkent shahrini 2018 yildan beri boshqarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev kecha, 16 yanvar kuni lavozimidan ozod etildi.
Dastavval, uning lavozimdan ketishiga poytaxtda gaz va elektr energiyasi bilan bog‘liq vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani sabab sifatida keltirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev uni "noinsof" deb atab, "oyog‘i yerdan uzilgani" uchun ishdan olganini aytgan videosi e’lon qilindi. Lekin Ortiqho‘jayevning o‘rniga vaqtincha Toshkent shahar hokimi lavozimiga tayinlangan Baxtiyor Rahmonov ham “oppoq” emas. Ko‘pchilik uni so‘kong‘ichligi bilan yaxshi taniydi.
2019 yilda Baxtiyor Rahmonov Olmazor tumani hokimi bo‘lgan vaqtlarida o‘tkazgan yig‘ilishlaridan birida yozib olingan audioyozuv QALAMPIR.UZ tahririyatiga yetib kelgandi.
Audioyozuvda hokim Baxtiyor Rahmonov yig‘ilish ishtirokchilariga qayta-qayta so‘kib murojaat qilayotgani, ularni haqoratlagani, qamatish, ishdan bo‘shatish bilan tahdid qilganini tinglash mumkin. Eng yomoni o‘sha yig‘ilishda ayollar ham qatnashgan va hokimning kurakda turmaydigan so‘zlarini eshitib o‘tirishga majbur bo‘lgan.
O‘sha paytlarda Prezident Mirziyoyev so‘kong‘ich hokimlarga nisbatan o‘z pozitsiyasini allaqachon bildirgan edi. U 2017 yildayoq so‘kong‘ichlar ishlamasligi, hokimlarga so‘kinish, birovni haqorat qilish vakolatini hech qim bermagani, undaylar lavozimlardan ketishini aytgandi.
“Hali odamlar o‘zgargani yo‘q. Madaniyat o‘zgargani yo‘q. Hokimlarning madaniyati yo‘q. Ochig‘ini aytaman, biz yaqinda uchta rayonning hokimini jazoga tortdik. Odamlar bilan gaplashishni bilmaydi. Oldingidek, madaniyatsiz gaplar bilan majlislar o‘tkazib, odamlarni haqorat qilish... Kim ularga huquq berdi? Hokimga kim huquq bergan birovni haqorat qilishga? Bu nimadan dalolat? Madaniyatsizligimizdan dalolat. O‘qimaganimizdan dalolat, ma’naviyatimiz pastligidan dalolat. Shuning uchun, mana, studiyada hamma hokim, ichki ishlar xodimi, prokuror milliy xavfsizlik o‘tiribdi, hammalaring bilinglar, unaqangi ertangi kunga birortalaring ishlamaysizlar. Bahoni bittayu bitta odamlar beradi. Hammamizga, Prezidentdan boshlab hammaga...”, degan Prezident.
Lekin Baxtiyor Rahmonov qo‘l ostidagi xodimlarni haqorat qilgani uchun lavozimdan ketmadi, aksincha, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarildi.
Xalqda bir maqol bor: “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas”. Ha, Baxtiyor Rahmonovning 2021 yilda boshqa bir qilig‘i chiqdi. U Toshkent shahri “Usta Normat” MFY raisi Alisher Ikromovni kabinetiga emas, negadir ota uyiga chaqirib, o‘zining xizmat vazifasiga umuman aloqador bo‘lmagan, mutlaqo boshqa bir masalaning bajarilmagani yuzasidan haqoratlaydi, hatto, uradi ham.
O‘shanda kaltak tagida qolgan bechora mahalla raisi ariza bilan murojaat qilmagan joyi qolmadi.
Ushbu masala o‘sha vaqtdagi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan nazoratiga olingani aytilgandi. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, mahalla raislarini vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilish va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, vakolat va majburiyatlariga taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash talablarini buzgani uchun davlat organlari va tashkilotlari mas’ul va mansabdor shaxslarini egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga o‘rnatilgan tartibda taklif kiritib borish huquqiga egaligi eslatilgan.
Lekin bu qonunning ijrosi qayoqda deysiz, Rahmonov bitta uzr bilan qutulib ketdi. 2021 yilning 11 iyun kuni mahalla raisi Alisher Ikromov Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Ismat Ibragimovning taklifiga asosan Bosh prokuratura xodimlari guvohligida Baxtiyor Rahmonov uzr so‘ragan va tomonlar og‘zaki yarashtiriladi. Ish yuzasidan hokim o‘rinbosariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmagan.
1959 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan 64 yoshli Rahmonov 1981 yilda Ukrainada Kiyev muhandislik-qurilish institutini tugatganidan so‘ng 42 yil davomida yuqori lavozimlarda ishlab keladi.
2008 yildan beri esa hokimlik lavozimlarida faoliyat yuritadi. Masalan, 2008-2011 yillarda Toshkent shahar Mirobod tumani hokimi, 2011-2016 yillarda Toshkent shahar hokimining sanoat va tadbirkorlik masalalri bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2016-2017 yillar davomida shahar hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, 2017-2018 yilda Sergeli tumani hokimi, 2018-2021 yilda Olmazor tuman hokimi bo‘lib ishladi.
2021-2022 yil esa yana Toshkent shahar hokimining o‘rinbosarligiga o‘tirdi.
2022 yildan esa hokimning boshqa masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘ldi. 2023 yildan esa mana o‘zingiz yuqorida eshitganingizdek – hokim! (vazifasini bajaruvchi)
LiveBarchasi